---
title: "HyperLogLog"
description: "A cat video gets 50 million views. How many different people watched it? A tiny sketch can help us estimate the answer."
canonical_url: "https://otabek.io/uz/blogs/hyperloglog"
md_url: "https://otabek.io/uz/blogs/hyperloglog.md"
language: "uz"
last_updated: "2026-03-26"
tags: ["Algorithms", "Data Structures"]
---

# HyperLogLog

Tasavvur qiling, **YouTube'ga o'xshagan** video platforma quryapmiz. Kimdir mushugining videosini yukladi. Video mashhur bo'lib ketdi: **50 millionta ko'rish**. Ijodkor esa **“Xo'p, lekin videomni nechta turli odam ko'rdi?”** deb so'rayapti.

![Otabek va uning oq mushugi Mimi noutbuk qarshisida, Mimi esa klaviaturaga juda jiddiy qarayapti](/images/blogs/hyperloglog/cover-otabek-mimi.png)

Siz o'sha mushukning videosini 20 marta qayta ko'rgan bo'lishingiz mumkin. Video 20 marta o'ynadi, tomoshabin esa BITTA. Mushukning muxlislari sehr bilan yana 19 taga ko'payib qolmadi-ku 😄

```text
Ko'rishlar:          otabek, chris, otabek
Turli tomoshabinlar: otabek, chris
Javob:              2
```

Ko'rishlarni sanash uchun har safar counter'ga 1 qo'shsak bo'ladi. **Unique tomoshabinlar** deganda esa ish biroz qiyinlashadi: bir xil ID necha marta kelsa ham, faqat bir marta sanalishi kerak. SQL'da buni `COUNT(DISTINCT user_id)` qiladi. Ammo millionlab odamlar ko'rishda davom etsa va ijodkor har bir necha soniyada yangi natija so'rasa-chi?

[Bloom filter haqidagi postda](https://otabek.io/uz/blogs/bloom-filter) biror element bor yoki yo'qligini tekshirish haqida gaplashgan edik. Bu safar esa **nechta turli element borligini** juda kam xotira bilan taxminan hisoblashni o'rganamiz. Xo'sh, hikoya shunday boshlanadi ✨

### Set

**Set**'ni har bir ism faqat bir marta yoziladigan mehmonlar ro'yxati deb tasavvur qiling. Foydalanuvchilar kirgani sari ID'larini unga qo'shib boramiz:

```js
const visitors = new Set()

visitors.add('otabek')
visitors.add('chris')
visitors.add('otabek')

console.log(visitors.size) // 2
```

Set bir xil qiymatni ikki marta saqlamaydi. Demak takroriy tashriflar muammosi hal bo'ldi. Har safar barcha tashriflarni qaytadan so'rashimiz ham shart emas. Zo'r!

Ammo Set har bir unique ID'ni eslab qolishi kerak. **100 millionta** foydalanuvchi va har bir ID uchun 8 byte desak, faqat ID'larning o'zi **800 MB** joy oladi. Set'ning o'ziga ham qo'shimcha xotira kerak. Bu 8 byte'lik ID uchun misol; JavaScript stringlarining xotira sarfi boshqacha.

Endi har bir kun, har bir video va har bir davlat uchun alohida hisob yuritishni tasavvur qiling. Xotiraga bo'lgan talab ham ancha o'sadi.

![Set va HLL memi: ID kartalari ostida qolgan vahimadagi mushuk va kichik statistik jamlanma bilan choy ichayotgan xotirjam mushuk](/images/blogs/hyperloglog/meme.png)

**Ijodkor:** “Menga faqat taxminiy son kerak.”

**Set:** “Xo'p. 100 millionta ID'ni yuklab kelyapman.”

**HLL:** “Men bitta qog'oz bilan keldim.”

SQL ham, Set ham yaxshi yechim bo'lishi mumkin. Lekin ijodkor taxminan nechta odamga yetib borganini bilmoqchi bo'lsa, barcha ID'larni eslab qolishimiz shartmi?

### HyperLogLog

**HyperLogLog**, qisqacha **HLL**, **probabilistic data structure** hisoblanadi. U bir nechta kichik sonni saqlab, ular orqali nechta turli ID ko'rganini taxmin qiladi.

Shu kichik jamlanma **sketch**, turli ID'lar soni esa **cardinality** deyiladi. Ikkita yangi nom o'rgandik, vazifamiz esa o'sha-o'sha: turli foydalanuvchilarni sanash.

> **Probabilistic** deyilayapti, ya'ni javob har doim ham aniq bo'lmaydi. Bloom filter'dagi kabi, xotirani tejash uchun aniqlikdan biroz voz kechamiz. HLL bizga **taxminiy son** beradi, u haqiqiy sondan farq qilishi mumkin.

**Google Analytics 4**'da **Active Users** soniga qaragan bo'lsangiz, bu g'oyani allaqachon uchratgansiz. Google Active Users va Sessions kabi ko'rsatkichlar uchun **HyperLogLog++** ishlatadi. Demak ekrandagi chiroyli son ham taxminiy ekan. [Google Analytics tushuntirishi](https://developers.google.com/analytics/blog/2022/hll)

Redis'dagi HLL hisoblagichlari taxminan **12 KB** joyga sig'adi. Avval qanday ishlashini ko'ramiz, aniqlik masalasiga keyin qaytamiz. [Redis dokumentatsiyasi](https://redis.io/docs/latest/develop/data-types/probabilistic/hyperloglogs/)

Millionlab foydalanuvchilarni sanashga shu xotira qanday yetadi? Keling, bitta ID bilan nima bo'lishini ko'ramiz:

**ID → nol va birlardan tuzilgan doimiy belgi → kichik hisoblagich → taxminiy son.**

Hisoblagichni yangilagach, ID'ning o'zini saqlashimiz shart emas.

### Zeros

**Hash funksiya**ni belgi chiqaradigan printer deb tasavvur qiling. Unga `otabek` desangiz, nol va birlardan iborat belgi chiqaradi. Ertaga yana `otabek` desangiz, yana O'SHA belgini olasiz. Yaxshi hash funksiya turli input'larni tasodifiyga o'xshagan bit kombinatsiyalariga bir tekis tarqatadi.

Endi tanga tashlashni o'ylang. Bir marta gerb tushishi oddiy holat. Ketma-ket o'n marta gerb tushishi esa ancha kam uchraydi. Yaxshi hash'ning boshidagi bitlar ham shunga o'xshaydi: bitta nol ko'p uchraydi, ketma-ket o'nta nol esa kam.

Boshidagi shu nollar **leading zeros** deyiladi. Masalan, `0001...` da uchta.

Shunday hash natijasining boshida quyidagi bitlar kelish ehtimoliga qarang:

| Boshlanishi | Ehtimoli |
| --- | --- |
| `0...` | 2 tadan 1 |
| `00...` | 4 tadan 1 |
| `000...` | 8 tadan 1 |
| `0000000000...` | 1,024 tadan 1 |

Har bitta qo'shimcha nol ehtimolni ikki baravar kamaytiradi. Demak qancha ko'p turli hash ko'rsak, uzunroq nollar ketma-ketligini uchratish uchun shuncha ko'p imkoniyatimiz bo'ladi.

Tasavvur qiling, kimdir sizga boshida 20 ta nol kelgan hash ko'rsatdi. Buni topgunicha ancha hash ko'rgan bo'lsa kerak deb o'ylaysiz. Lekin birinchi urinishdayoq omadi kelgan bo'lishi ham mumkin-ku! **Kam uchraydigan natija bizga ishora beradi, aniq sonni aytib bermaydi.**

Bitta omadli hash mushugimizni nechta odam ko'rganini hal qilib qo'ymasligi kerak. Shuning uchun ishni bir nechta kichik qutichaga taqsimlaymiz. Har biri o'z rekordini eslab qoladi. Register'lar shu yerda kerak bo'ladi. [Redis yaratuvchisining tushuntirishi](https://antirez.com/news/75)

### Registers

Misol uchun, **16 ta quticha** bor. Har birining yonida rekord yoziladigan kichik joy bor, boshida hammasida 0 turibdi. Hash'lar guruhini **bucket**, uning uchun saqlanadigan sonni esa **register** deymiz. Register deganimiz o'sha rekord yozilgan joy ekan.

Har bir belgi ikkita ish qiladi:

1. Dastlabki 4 bit 16 ta qutichadan bittasini tanlaydi.
2. Qolgan qismda birinchi `1` kelgunicha nechta nol borligini sanab, ustiga 1 qo'shamiz. Shu ball **rank** deyiladi.

Nega 1 qo'shyapmiz? Chunki 0 “bu qutichaga hali hech narsa kelmagan” degani. Boshida umuman nol bo'lmagan belgi ham kelganini bildirishimiz kerak.

Pastdagi hash tushuntirish uchun o'ylab topilgan va qisqartirilgan:

```text
1010 | 000100101011
^^^^   ^^^
 10    boshida 3 ta nol → rank 4
```

`1010` ikkilik sanoq tizimida 10 degani. Demak 10-raqamli qutichaga boramiz, ballimiz 4. Eski rekorddan katta bo'lsagina uni almashtiramiz:

```text
register[10] = max(register[10], 4)
```

Register faqat **bitta rekordni** eslab qoladi. Uni hosil qilgan belgilar ro'yxatini saqlamaydi. [Original HyperLogLog maqolasi](https://algo.inria.fr/flajolet/Publications/FlFuGaMe07.pdf)

Keling, register yangilanishini JavaScript'da yozib ko'ramiz. Kuzatish oson bo'lishi uchun qisqa, o'ylab topilgan hash'larni ishlatamiz. To'liq HLL uchun yana boshqa qismlar ham kerak, hozircha shu joyini tushunib olaylik:

```js
const registers = new Uint8Array(16)

function observeHash(bits) {
  const bucket = parseInt(bits.slice(0, 4), 2)
  const remaining = bits.slice(4)
  const firstOne = remaining.indexOf('1')
  const rank = firstOne === -1 ? remaining.length + 1 : firstOne + 1

  registers[bucket] = Math.max(registers[bucket], rank)
}

observeHash('1010' + '000100101011') // rank 4 → register 10 endi 4
observeHash('1010' + '010101101001') // rank 2 → hali ham 4
observeHash('1010' + '000010101101') // rank 5 → endi 5
observeHash('1010' + '000010101101') // o'sha hash yana keldi → hali ham 5

console.log(registers[10]) // 5
```

Oxirgi qatorga e'tibor bering. Bir xil foydalanuvchini qayta qo'shish hech narsani o'zgartirmaydi. Hash bir xil, bucket bir xil, rank ham bir xil. Buning uchun oldingi ID'lar ro'yxatini saqlashimiz shart bo'lmadi!

Ammo YANGI foydalanuvchi ham register'ni o'zgartirmasligi mumkin. Ikkinchi qiymatimiz aynan shunday qildi. Demak bu strukturadan “falonchi oldin kirganmi?” deb so'ray olmaymiz.

### Estimation

Endi har bir qutichada rekord bor. Ko'p qutichalarda katta rekordlar yig'ilsa, ko'p turli ID ko'rgan bo'lishimiz ehtimoli ortadi. Faqat bitta qutichada juda katta rekord chiqishi esa buncha kuchli dalil emas.

HLL shu kuzatuvlarni juda katta qiymatlarning ta'sirini kamaytiradigan maxsus o'rtacha orqali birlashtiradi. Rekordlarni shunchaki qo'shib qo'ymaydi. Amaliy implementation'larda, ayniqsa ID'lar kam bo'lganda, qo'shimcha tuzatishlar ham bor. [Original HyperLogLog maqolasi](https://algo.inria.fr/flajolet/Publications/FlFuGaMe07.pdf)

Asosiy g'oya shu: **odamlar haqida bir nechta belgi saqlab, ular orqali odamlar sonini taxmin qilish**. Davomini tushunish uchun formulani bilish shart emas. Qiziqqanlar uchun uni [post oxiridagi ixtiyoriy bo'limga](#optional-math) qo'ydim.

### Accuracy and Memory

Redis **16,384 ta register** ishlatadi va **standard error taxminan 0.81%** bo'ladi. Buni odatiy xatolikning miqyosi deb tushuning. **Har bir natija ko'pi bilan 0.81% xato qiladi degan kafolat emas.** [Redis yaratuvchisining tushuntirishi](https://antirez.com/news/75)

Haqiqiy son bir million bo'lsa, uning 0.81%'i taxminan 8,100 ta foydalanuvchi degani. Ijodkor uchun videosini bir necha ming odam ko'rdimi yoki millionmi, shuni bilish yetarli bo'lishi mumkin. Lekin har bir unique tomoshabin uchun pul olayotgan bo'lsak va aniq son kerak bo'lsa-chi? Farqini “mayli, bo'laveradi” deb qo'ya olmaymiz-ku.

Ko'proq register aniqlikni oshiradi, lekin ko'proq xotira talab qiladi. Standard error'ni ikki baravar kamaytirish uchun taxminan **to'rt baravar ko'p register** kerak.

Redis'da har bir register uchun atigi 6 bit yetadi. Shuning uchun 16,384 tasi **12 KiB** joyga sig'adi. Header va key uchun ozgina qo'shimcha xotira kerak. ID'lar kamligida kichikroq ko'rinish ishlatilishi mumkin; to'liq register array ajratilgach esa yangi ID'lar uni kattalashtirmaydi. [Redis implementation](https://github.com/redis/redis/blob/unstable/src/hyperloglog.c)

Lekin **har bir video uchun har kuni bittadan sketch** ochsak, ular ham yig'ilib boradi. Necha kunlik ma'lumotni saqlashimizni oldindan o'ylash kerak.

**Facebook** ham **Presto** ichidagi `APPROX_DISTINCT` orqali shunday yo'l tutganini yozgan: katta ma'lumotlarda distinct count hisoblashni, jumladan A/B test tahlillarini samaraliroq qilish uchun HLL ishlatilgan. G'oya o'sha, faqat ish hajmi bizning mushuk videosidan ancha katta. Aniqlik va xotira sarfi implementation'ga bog'liq: Redis'dagi 12 KiB barcha HLL tizimlariga tegishli emas. [Meta engineering posti](https://engineering.fb.com/2018/12/13/data-infrastructure/hyperloglog/)

### Redis

Local Redis'da hali ishlatilmagan misol key'lari bilan sinab ko'ramiz:

```text
PFADD hll-demo:day:1 otabek chris otabek
PFCOUNT hll-demo:day:1

PFADD hll-demo:day:2 chris jane
PFCOUNT hll-demo:day:2
```

`PFADD` ID'larni sketch'ga qo'shadi. U qaytargan qiymat ichki holat o'zgarganini bildiradi, **nechta yangi foydalanuvchi kelganini emas**. [PFADD dokumentatsiyasi](https://redis.io/docs/latest/commands/pfadd/)

`PFCOUNT` esa taxminiy unique sonni qaytaradi. Misolimizdagi har bir kunning haqiqiy to'plamida ikkitadan foydalanuvchi bor. Shunday kichik misollarda taxmin aniq javob bilan bir xil chiqishi mumkin, ammo u baribir taxmin hisoblanadi. [PFCOUNT dokumentatsiyasi](https://redis.io/docs/latest/commands/pfcount/)

### Merging

Birinchi kuni **otabek** va **chris**, ikkinchi kuni esa **chris** va **jane** kirdi deylik. Kunlik sonlarni qo'shsak 4 chiqadi. Lekin ikki kun davomida kirgan turli foydalanuvchilar atigi **3 ta**. Chris yarim tunda ikkita bo'lib qolmadi-ku.

Demak sketch'larni birlashtirishimiz kerak:

```text
PFMERGE hll-demo:both-days hll-demo:day:1 hll-demo:day:2
PFCOUNT hll-demo:both-days
```

`PFMERGE` to'plamlarning birlashmasi uchun sketch yaratadi. Bir inson ikki kunda kirgani uchungina ikkita alohida foydalanuvchi bo'lib qolmaydi. [PFMERGE dokumentatsiyasi](https://redis.io/docs/latest/commands/pfmerge/)

Endi ijodkorimiz haftalik sonni so'rasa ham javob bera olamiz: har bir video uchun kunlik sketch saqlaymiz, tomoshabin qayta ko'rganida ham o'sha ID'ni qo'shamiz va yetti kunlik sketch'larni birlashtiramiz. Yetti kunning hammasida ko'rgan odamdan ham o'sha bitta ID keladi. Misolimizdagi platforma uchun auditoriya taxminini shunday qurishimiz mumkin.

Serverlar tashriflarni alohida yig'ayotganida ham shu usul ishlaydi. Precision va hashing qoidalari bir xil bo'lgan mos sketch'larni birlashtirish uchun har bir register'dagi katta qiymatni olamiz:

```text
Server A: [2, 5, 1, 3]
Server B: [4, 2, 1, 6]
Merged:   [4, 5, 1, 6]
```

Biz tayyor taxminlarni qo'shmayapmiz, kuzatuvlarni birlashtirayapmiz. Barcha serverlarda ID yozilishi ham bir xil bo'lishi kerak: `user:42` va `42` boshqa-boshqa input. HLL turli ID'larni sanaydi, ikki ID bitta insonga tegishlimi yoki yo'qmi, buni o'zi bilmaydi.

### Limitations

Endi ijodkor “videoni ko'rganlarning ro'yxatini ham bering” desa-chi? HLL'dan bu ro'yxatni olib bo'lmaydi. Set'ni almashtirishdan oldin bizga yana nimalar kerakligini ko'rib olaylik:

| Sizga nima kerak? | Nega HLL mos kelmaydi? |
| --- | --- |
| Hisob-kitob yoki billing uchun aniq son | Taxmin haqiqiy sondan katta ham, kichik ham chiqishi mumkin. Standard error qat'iy chegara emas. |
| Tomoshabinlar ro'yxati yoki “otabek ko'rdimi?” degan savolga javob | Sketch ID'larni saqlamaydi va membership tekshirmaydi. |
| Har bir inson necha marta ko'rganini bilish | Takroriy ID sketch'ni o'zgartirmaydi. HLL frequency hisoblamaydi. |
| Bitta foydalanuvchining hissasini o'chirish | Oddiy HLL alohida qo'shishni ortga qaytara olmaydi. |
| Set ichiga bemalol sig'adigan kichik ma'lumot | Aniq sanash soddaroq va yetarlicha tez bo'lishi mumkin. |

O'chirish cheklovi rolling window uchun ham muhim. Kunlik sketch'larni saqlab, kerakli kunlarni birlashtiring. Haftalik taxmindan kechagi taxminni ayirish orqali qolgan kunlarning unique sonini topib bo'lmaydi. [BigQuery sketch dokumentatsiyasi](https://docs.cloud.google.com/bigquery/docs/sketches)

Yana bir gap: HLL tomoshabin haqiqiy insonmi yoki botmi, buni aniqlamaydi. Mingta turli bot ID'sini bersangiz, u mingta turli input ko'radi. Input'ni tekshirish va botlarni filtrlash tizimning boshqa qismida hal qilinadi.

### Conclusion

Aniq son yoki foydalanuvchilar ro'yxati kerak bo'lsa, SQL va Set hali ham o'z ishini qiladi. Juda katta tashriflar oqimida taxminiy son yetarli bo'lsa, **HyperLogLog** ancha xotira tejashi mumkin.

Bloom filter'dagi kabi, bu yerda ham nimadan voz kechayotganingizni tushunish kerak. HLL sonni taxmin qilish uchun yetarli ma'lumot saqlaydi, ammo ID'larni qaytarib bera olmaydi va membership tekshirmaydi.

Doim dastur talabidan kelib chiqib qaror qiling. Ba'zan aniq javob shart. Ba'zan esa ijodkorga “taxminan 100 million odam ko'rdi” deyish uchun 100 millionta ID'ni eslab qolish ortiqcha ish.

Post foydali bo'lgan bo'lsa, foydalanuvchilarni sanab yurgan tanishingizga yuboring. Yoki mushukni yuboring. Bir amallab postga olib kelsak bo'ldi 😄

<a id="optional-math"></a>

### Qiziqqanlar uchun: Formula

O'sha rekordlardan qanday qilib son chiqarishimiz qiziq bo'lsa, formulasi mana:

Original formula **2ᴹ** qiymatlarining **harmonic mean**'iga asoslanadi:

$$
E = \alpha_m \frac{m^2}{\sum_{j=0}^{m-1} 2^{-M[j]}}
$$

**m** register'lar soni, **M[j]** j-register'dagi qiymat, **αₘ** esa tuzatish koeffitsiyenti. Relative standard error odatda quyidagicha yaqinlashtiriladi:

$$
\text{Standard error} \approx \frac{1.04}{\sqrt{m}}
$$

**m = 16,384** qo'ysak, **0.8125%** chiqadi. [Original HyperLogLog maqolasi](https://algo.inria.fr/flajolet/Publications/FlFuGaMe07.pdf)

Bu asosiy formula, to'liq production implementation emas. **HyperLogLog++** aniqlik va xotira sarfini yana yaxshilaydi. Bitta formulani butun algoritm deb qabul qilish o'rniga tayyor, sinalgan kutubxonadan foydalaning. [Google Research](https://research.google/pubs/hyperloglog-in-practice-algorithmic-engineering-of-a-state-of-the-art-cardinality-estimation-algorithm/)

#### Bonus: SQL'da aniq sanab ko'ramiz

Post boshidagi kichik misolni ishga tushirib ko'rishingiz mumkin:

```sql-run
CREATE TABLE visits (
  id INTEGER PRIMARY KEY,
  user_id TEXT NOT NULL,
  visit_day TEXT NOT NULL
);

INSERT INTO visits VALUES
  (1, 'otabek', '2026-03-26'),
  (2, 'chris', '2026-03-26'),
  (3, 'otabek', '2026-03-26'),
  (4, 'jane', '2026-03-27');

SELECT COUNT(DISTINCT user_id)
FROM visits
WHERE visit_day = '2026-03-26';
-- 2 ta unique foydalanuvchi
```


## Sitemap

See the full [Markdown sitemap](/uz/sitemap.md) for all pages.
